AsosiyJamiyat

Milliy kino san`ati saroyida bolalar uchun bepul filmlar namoyish etiladi

'Milliy kino san`ati saroyida bolalar uchun bepul filmlar namoyish etiladi'ning rasmi

Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan bolalar uchun 10 dan ortiq filmlarning bepul namoyishi o`tkazilmoqda

Bugun, 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Kinematografiya agentligi, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi, Maktab va maktabgacha ta`lim vazirligi hamkorligida "Yangi O`zbekistonning baxtli bolalari" shiori ostida tadbir o`tkazilmoqda.

Respublika bo`ylab yosh tomoshabinlar uchun Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan yaratilgan 10 dan ortiq filmlarning bepul namoyishlari tashkil etildi. Jumladan, “Buyuk ipak yo`li bo`ylab sayohat” turkumi ostida yaratilgan “To`maris” milliy animasion filmi, «Parining sovg`asi», «Quyosh ta`mi» ertak filmlarining katta premerasi bo`lib o`tmoqda. Shuningdek, 5 yoshdan 15 yoshgacha bo`lgan yosh tomoshabinlar auditoriyasi uchun “Avtosarguzashtlar” mulseriali, “Sehrli hassa”, “Amir Temur”, “Dino va Zavr”, “Xasis baqqol” kabi multfilmlarning ham namoyishi o`tkazilmoqda.

Bundan tashqari, kun davomida O`zbekiston Milliy kino san`ati saroyida bolalar uchun shou-konsert dasturlari, turli multfilm qahramonlari ishtirokida o`yinlar, qiziqarli savol-javoblar o`tkazildi. Shu bilan birga, bolajonlarni xursand qilish maqsadida kino saroy yozgi hovlisida turli attrasionlarning bir kunlik faoliyati yo`lga qo`yildi.

Kinosaroyga tashrif buyurgan bolalar va ularning ota-onalari animasion filmlar taqdimoti, shu bilan birga kun davomida ularga hamroh bo`lgan multfilm qahramonlaridan mamnun ekanliklarini ta`kidlab, xursandchiliklari bilan o`rtoqlashishdi.

Bugun asosiy premerasi tashkil etilgan “To`maris” milliy animasion filmi, "Parining sovg`asi", "Quyosh ta`mi" ertak filmlari 1-2 iyun kunlari barcha davlat va nodavlat telekanallarida ham namoyish qilinadi.

    Boshqa yangiliklar