AsosiyJamiyat

Sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar ko`chirilishi noqonuniy bo`lib chiqdi

'Sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar ko`chirilishi noqonuniy bo`lib chiqdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda 2024 yilning 16-22 may kunlari Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko`chasi, 1-uy manzili bo`yicha hududdagi ko`p yillik daraxtlar ko`chirib olib ketilayotganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur xabarlarga asosan o`tkazilgan tekshirishda yuqoridagi hududda olib borilayotgan qurilish loyihasi doirasida “M.M.” MChJ tomonidan sog`lom o`sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko`p yillik daraxtlar (eman, qarag`ay, aylantus va boshqalar) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi “Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi 464-son Qarori talablariga zid ravishda noqonuniy ravishda ko`chirib olib ketilganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.

Mazkur holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko`chirgan xo`jalik yurituvchi sub`ekt mas`ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.


 

 

    Boshqa yangiliklar