AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida bemor tez yordam shifokorining jag`iga musht tushirdi

'Toshkent viloyatida bemor tez yordam shifokorining jag`iga musht tushirdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent tumani tez tibbiy xizmat bo`limi xodimi kaltaklanganligi haqida xabar tarqaldi. Chaqiruv etib borgan shifokor bemorga kasallik tarixi yuzasidan bir necha savollar bergan. Bemor esa "Savol berguncha meni davolasang-chi", deya shifokorni kaltaklay ketgan.  

Tuman hokimligining ma`lum qilishicha, holat 1 iyun kuni soat 16:35 da Toshkent tumani Dilkash ko`chasidagi uyda sodir bo`lgan. 26 yoshli J.O.dan bosh og`rig`i shikoyati bilan murojaat kelib tushgan. Shifokor T.R. va feldsher N.O`.dan iborat brigada manzilga soat 16:45 da etib borgan.

Bemor shifokorga bosh og`rig`i, bezovtalik, umumiy holsizlik shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo`yicha davolanayotganini aytgan. Shifokor birlamchi tekshiruv o`tkazib, bemordagi og`riqni qoldirish uchun feldsherga og`riq qoldiruvchi dori vositasini shprisga tortishini so`ragan.

Shifokor bemorga qo`shimcha kasalliklari bo`yicha savollar berayotgan vaqtda, bemor shifokorga qarab “sen kimsan, ishingni tezroq qil” deya haqoratlab, o`rnidan turib, to`satdan shifokorning yuziga musht tushirgan. Shifokorning labi hamda pastki jag` sohasidan qon ketishni boshlagan va bir oz vaqtga karaxtlik holati kuzatilgan. Holat bo`yicha hudud profilaktika inspektoriga xabar berilgan.

Shifokor boshqa brigada bilan TTA-3 Yuz-jag` jarrohligi bo`limiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi to`xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan.

Bir oz vaqtdan so`ng, shifokorda bosh og`rig`i, bosh aylanishi, ko`ngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatilgan va zudlik bilan TTA-2 klinikasiga gospitalizasiya qilingan. TTA-2 Neyroxirurgiya bo`limiga soat 23:45 da “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O`ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohat. O`ng pastki jag`da yumshoq to`qimalar lat eyishi” tashxisi bilan yotqizilgan.

 

    Boshqa yangiliklar