Turkiyaga ishlashga borib, terrorchilik tashkilotiga qo`shilib qolgan andijonlik yigitga qidiruv e`lon qilindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Muhiddinov Ibrohim Nasriddin o`g`li 1998 yilda Andijon viloyatining Andijon tumanida tug`ilgan. U 2018 yilda Turkiyaga mavsumiy ishlash uchun borib, u erda terroristik tashkilotlarning ta`siriga tushgan. 2019 yilda Turkiyadan Suriyaga o`tib, bu joydagi "Tavhid va jihod katibasi" xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo`shilgan.
Huquq tartibot xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlar natijasida Muhiddinov Ibrohim Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismi, 155 prim 2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o`quvdan o`tish, chiqish yoki harakatlanish) va 244 prim 2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qidiruv e`lon qilingan.






