AsosiyJamiyat

Toshkent moda haftaligi o`z ishini yakunladi

Eng yorqin va tantanalarga boy Toshkent moda haftaligi o`z yakuniga etdi. Natijalar sarhisobini muhokama qilish maqsadida haftalik tashkilotchilari chet el delegasiyalari bilan birgalikda Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy Kutubxonasiga tashrif buyurdilar. 

Uchrashuvni O`zbekiston Dizaynerlar Uyushmasi raisi Komilova Xolida Xafizovna o`z kirish so`zlari bilan ochib berdi. Haftalik qiziqarli va foydali tadbirlarga boy bo`ldi. Tayyorgarlik ishlari 11 oy davomida olib borildi. Dizaynerlar qatnashish uchun o`z arizalarini shu yilning yanvarida topshira boshlaganlar. Raqamlarda aytadigan bo`lsak, Toshkent moda haftaligi davomida mahalliy dizaynerlar, vizajistlar va universitet hamda kasb-hunar kollejlari talabalari uchun  mahalliy va chet ellik professional dizaynerlar tomonidan mahorat darslari o`tkazildi. Toshkent moda haftaligining bosh stilisti – Yun JungXeo vizajistlar uchun alohida master klassda o`z mahoratlari bilan o`rtoqlashdi.

Italiya, Xitoy va O`zbekiston dizaynerlarining 6 mualliflik namoyishlarida 270dan ortiq kiyim va aksessuarlar taqdim etildi. Bu yil moda namoyishlarida ishtirok etish uchun yosh dizaynerlarning 200 dan ortiq arizalari qabul qilindi. Natijada, podiumda 76 nafar yosh dizaynerlar tomonidan yaratilgan eng yorqin 44 kolleksiya namoyish etildi.

“Tashkent Fashion Performance” namoyishida O`zbekiston va bir qator boshqa davlatlardan 25 nafar iqtidorli professional dizaynerlarning 198 ko`rinishni o`z ichiga olgan 22 ta kolleksiyalari taqdim etildi. Eng kutilgan va yakuniy shou – “Milliy Libos” festivalida 24 muallif o`zlarining 22 kolleksiyasida 180dan ortiq ishlarini namoyish etdilar.

22-dan 27-noyabrgacha, 6 kun mobaynida omma e`tiboriga 956 ijodiy ish taqdim etildi va Toshkent moda haftaligi uchun eng yuqori ko`rsatkich sifatida yangi rekord hisoblandi. Ta`kidlab o`tish joizki, mustahkam chok qilishning qadimiy uslublarini tiklab kelayotgan Buxorolik hunarmand va mahoratli dizaynerlarning haftalikdagi ishtiroki ham yangilik bo`ldi. Shuningdek, bu yil qorako`l matolaridan mahsulot ishlab chiqaruvchilar ham taklif etildi. O`zbekistonningmoda sohasida katta salohiyat va xalqaro podium hamda bozorlarga chiqish uchun imkoniyat yaratildi.

Matbuot anjumanida Italiya, Xitoy, Quvayt vaTojikiston delegasiyalari vakillari ham ishtirok etdilar. Italiya Moda Palatasining Faxrli prezidenti muhtaram Mario Bozelli ta`kidlab o`tganidek, bu yilgi Moda Haftaligi yoqimli syurpriz va sovg`alarga boy bo`ldi. “Osiyo Ramzi” O`zbekiston Dizaynerlar Uyushmasi moda haftaliklarini tashkil etish doirasida 5 yildan buyon Italiya Moda Palatasi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Mario Bozelli tashkilotchilarning tizimli, professional va yuqori darajadagi ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Xitoy delegasiyasi Shanxay kiyim-kechak savdosi Uyushmasining marketing bo`yicha direktorii ChjouLitsz Yuan boshchiligida tashrif buyurdi. U haftalikda ishtirok etgan iqtidorli dizaynerlarning yuqori salohiyati borligini aytib o`tdi. Shuningdek, delegasiya vakili moda, madaniyat va ta`lim sohalarida Shanxay va Toshkent xalqaro hamkorlik markazi bo`lishiga ishonch bildirdi. Toshkent moda haftaligi natijalari bo`yicha ta`lim sohasidagi ikki tomonlama manfaatli loyiha ustida ish davom ettiriladigan bo`ldi.

Tojikiston dizaynerlari TMH da tlk marotaba ishtirok etdilar. Mehmonlar shunday keng miqyosli haftalikda ishtirok etishi mkoniyati uchun tashkilotchilarga alohida tashakkur bildirdilar. Ular ta`kidlaganidek, “Osiyo Ramzi” moda sohasining nafaqat O`zbekistonda, balki butun mintaqada rivojlanishiga katta hissa qo`shmoqdalar. Haftalik doirasida O`rta Osiyo davlatlaridan kelgan dizaynerlarning ishtiroki buning isboti bo`ldi. Shuningdek, Quvaytlik dizaynerlar ham mazkur tadbirda birinchi marta qatnashdilar. Rossiyaning QuvaytdagiElchisining rafiqasi Elena Solomatina delegasiyasining bosh vakili bo`ldi. Ularning fikriga ko`ra, bu sohada Quvayt endigina ilk qadamlarni qo`ymoqda. Shuning uchun Toshkent moda haftaligi ular uchun ham muhim va qadrlibo`lganligini ta`kidladi. 

Barcha mehmonlar tadbirlarning yuqori darajada o`tkazilganligini alohida ta`kidlab o`tdilar.

Boshqa yangiliklar