AsosiyJinoyat

Nukusda profilaktika inspektori keksa ayolning uyi va pullarini o`zlashtirib oldi

'Nukusda profilaktika inspektori keksa ayolning uyi va pullarini o`zlashtirib oldi'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi Nukus shahrida profilaktika inspektori o`zganing mol-mulkini talon-toroj qilgani aytilgan xabarlar yuzasidan ma`lumot berdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, mazkur jinoyat ishi Qoraqalpog`iston prokuraturasi tomonidan Nukus shahar IIO FMB profilaktika inspektori A.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o`g`rilik) 4-qismi ”a“ bandi bilan qo`zg`atilgan.

Tergovda to`plangan dalillarga ko`ra, profilaktika inspektori A.M. o`ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Y.ning yaqin qarindoshlari yo`qligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qo`lga kiritish maqsadida, go`yoki Y.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurgani to`g`risida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirib, uni uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.

So`ngra, u O.Y.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. ko`magida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turar joyni o`zining nomiga rasmiylashtirgan.

Profilaktika inspektori A.M. jinoyatlarini yashirish maqsadida, turar joyni turmush o`rtog`i O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, Y.O.ning juda ko`p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Shuningdek, inspektor jabrlanuvchining ojizligidan foydalangan holda qo`lga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablag`larini o`z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, u O.Y.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda ko`p miqdordagi pullarini bank xodimlarini go`yoki egasiga berish uchun olayotganiga ishontirib, qo`lga kiritishga erishgan. A.M. yuqoridagi jinoiy harakatlari natijasida qo`lga kiritgan E.O.ning juda ko`p miqdordagi omonat pullariga opasining nomiga Lacetti rusumli avtomashina xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.

Tergov natijasiga ko`ra, profilaktika inspektori A.M.ga Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi ”a” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 3-qismi, 169-moddasi (o`g`rilik) 4-qismi ”a” bandi, 243-moddalari (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga JKning 228-moddasi 2-qismi ”a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28, 169-moddasi 4-qismi ”a” bandi bilan ayb e`lon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Biroq Nukus shahar sudi sudyasi 2024 yil 6 iyundagi hukmiga asosan tergov organi tomonidan A.M.ga Jinoyat kodeksining 169, 228, 243-moddalari bilan qo`yilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlab, Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi ”a” bandi bilan aybli deb topib, 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda, 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.

Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi ”a“ bandi olib tashlanib, Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi ”a“ bandi bilan aybli deb topilgan.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Y.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida etkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 million 50,7 ming so`m pullarni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan.

”Prokuratura organlari tomonidan apellyasiya muddatida ish hujjatlari o`rganilib, mazkur sud hukmi ro`yi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirildi. Ish apellyasiya instansiyada ko`rilishida, malakali prokuror ishtiroki ta`minlanadi”, — deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar