AsosiySiyosat

O`zbek tili bo`yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball to`plaganlarga imtihon xarajati qoplab beriladi

'O`zbek tili bo`yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball to`plaganlarga imtihon xarajati qoplab beriladi'ning rasmi

Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan o`zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari 2025 yil 1 yanvardan boshlab qoplab berilishi rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “O`zbek tili va adabiyot fani bo`yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball (daraja) to`plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to`liq qoplab berish tartibini joriy etish to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.

Quyidagilar:

  • O`zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to`liq qoplab berish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti;
  • imtihon topshirish xarajati kompensasiya qilinadigan imtihon tizimi tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:
Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan o`zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari 2025 yil 1 yanvardan boshlab qoplab beriladi.

Agentlik:

a) 2024 yil 1 dekabrga qadar:

davlat xizmatini ko`rsatish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini ta`minlaydi hamda Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;

Adliya vazirligi bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) elektron davlat xizmatini joriy qilish bo`yicha texnik hujjatni ishlab chiqadi, kelishish va tasdiqlash uchun Raqamli texnologiyalar vazirligiga kiritadi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi birgalikda ariza beruvchilar taqdim etadigan hujjatlarning avtomatik ravishda belgilangan mezonlarga mos kelishini aniqlovchi va ma`lumotlarni saralovchi, shuningdek, YaIDXPda davlat xizmatlari ko`rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko`rib chiqilishini kuzatib borish imkonini beruvchi xizmatni ishga tushiradi, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralarning YaIDXPga ulanishini va axborot tizimlarining o`zaro integrasiya qilinishini ta`minlaydi;

b) 2024 yil 1 dekabrdan boshlab Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma`muriy reglamentni amalda qo`llashning samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yo`naltirilgan o`quv seminarlari o`tkazilishini ta`minlaydi;

d) o`zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarini tashkil etishga vakolatli tashkilotning tegishli imtihon topshirish xarajatlari to`g`risidagi ma`lumotlarni o`zining rasmiy veb-saytida e`lon qiladi hamda doimiy ravishda yangilab boradi.

Agentlik Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Yoshlarga oid davlat siyosatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan imtihon topshirish xarajatini kompensasiya qilish haqida ariza beruvchilarning elektron reestri axborot tizimini yaratadi hamda uni keyinchalik texnik qo`llab-quvvatlash va takomillashtirish choralarini ko`radi.

    Boshqa yangiliklar