1

O`zbekistonda OITSga chalingan ikki bemor turmush qurdi va sog`lom farzand ko`rishdi

Jamiyat 30.11.2016, 11:35
Teglar: Kasallik
O`zbekistonda OITSga chalingan ikki bemor turmush qurdi va sog`lom farzand ko`rishdi

...O`ttiz to`rt yoshli ko`hlikkina bu juvon bir qarashda dunyoda hech tashvishi yo`q insonga o`xshaydi: ko`zlari kulib turadi, biroq u to`qqiz yildan buyon o`z organizmida immunitet tanqisligi virusi bilan kurashmoqda, deb yozadi O`zA.  

O`zining aytishicha, hamshira bo`lib ishlab yurganida ehtiyotsizlik tufayli ishlatilgan shpris ninasidan jarohat olib virusni yuqtirib olgan. Eri bundan xabar topgach, qizi bilan ko`chaga haydagan. Dastavval ayol “shok”ka tushadi. Yo`l topolmaydi. Ma`lum vaqt o`tgach, yuragida ming bir xavotir bilan qizini OIV testidan o`tkazadi. Qizaloq qonida mazkur virus yo`qligi aniqlanganda, shuncha savdodan so`ng ayol ilk bor “shukr” so`zini tilga oladi va Respublika OITSga qarshi kurash markazida davolana boshlaydi... 

2030 yilgacha dunyoda OIV/OITS keskin kamayadimi?

Yaqinda BMTning OIV/OITS bo`yicha hisoboti chop etildi. Hujjatda aytilishicha, dunyo bo`yicha 2016 yilda OIVga chalinganlar soni 39,8 million kishiga etdi, bu kasallik oqibatida birgina o`tgan yili 1,1 million kishi vafot etdi. Jahonda 1,8 million bolalar shu virusni yuqtirib olgani g`oyat achinarlidir. OIVga chalinish 15-24 yoshli xotin-qizlar orasida ko`p uchrayotgani ham insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. 

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, immunitet tanqisligi virusi odam organizmining immun tizimidagi limfositlarni emiradi, undagi DNKni o`zlashtiradi, tabiiy jarayonni buzadi. Oqibatda zararlangan organizm har qanday dardni qarshiliksiz qabul qiladi. Organizmdagi tabiiy yangilanish jarayoni asta-sekin to`xtaydi. Jahon tibbiyotida bu virusning asosan giyohvandlik va betartib jinsiy hayot kechirish, OIV bilan zararlangan qon, sterillanmagan tibbiy va notibbiy asboblar orqali yuqishi aniqlangan. Virus OITSga chalingan onadan bolaga ham o`tishi mumkin. Kasallikning eng xavfli davri – yashirin payti: 8 haftadan 5-12 yilgacha davom etishi mumkin. Shu paytda uning boshqalarga yuqish xavfi o`ta yuqoridir. 

BMT vakillarining qayd etishicha, 2030 yilgacha dunyoda OIV/OITS epidemiyasini o`ta past ko`rsatkichga olib tushish mumkin. Faqat buning uchun 2020 yilgacha bu virusni yuqtirganlarning 90 foizi xasta ekanini bilishi, davolanishi va organizmida ushbu virus xurujini juda past darajaga keltirishi lozim. 

Tizimli va izchil kurash samaralari

O`zbekistonda OIV/OITSga chalinish ko`rsatkichi MDH davlatlari orasida ancha past. Bu, avvalo, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida mustaqillikning ilk yillaridan mamlakatimizda OIV infeksiyasiga qarshi izchil kurash olib borilgani samarasidir. 

O`zbekiston Respublikasining 2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonuniga muvofiq OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslarning ijtimoiy muhofazasi mustahkamlandi, ularga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilandi, epidemiyaga qarshi kurashish samaradorligi oshdi. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 sentyabrdagi “2014-2016 yillarda O`zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi Davlat dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori bilan OIV infeksiyasiga chalingan bemor bolalarga oylik nafaqa belgilandi. Qon va uning preparatlari orqali yuquvchi kasalliklarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan “O`zbekiston Respublikasida gemokontakt infeksiyalarning oldini olishni yanada takomillashtirish bo`yicha 2016-2017 yillarga mo`ljallangan kompleks chora-tadbirlar rejasi” izchil amalga oshirilmoqda.

Ilgari OIV aniqlangan bemorlar har kuni 3-4 mahal 5 tagacha dorilarni qabul qilgan bo`lsa, bugun bir kunda 1 dona tabletka berilib, yuqori samara olinmoqda. Jahon cog`liqni saqlash tashkiloti 2-3 oyda bir marta bemorning tanasiga dori preparatini ukol orqali yuborish usulini tavsiya qildi. Bu bemorlarda har kuni dori ichish bilan bog`liq noqulayliklarni bartaraf etadi, ushbu dori ta`sirida hujayrani emirayotgan virusning kuchi kamayib, uning qonda ko`payishining oldi olinadi. Organizmda virus kamaygach, bemorning immuniteti ko`tarilib, yondosh kasalliklardan himoya qilinadi, umri uzayadi, ish qobiliyati tiklanadi. Virusning boshqalarga yuqish xavfi ham keskin kamayadi.
 
Har yili mazkur xastalikni aniqlash uchun zarur laboratoriya jihozlari, test-sistemalar olish uchun davlat byudjetidan 5 milliard so`mdan ziyod mablag` ajratilmoqda. Yana bir yangilik: OIVni immunoferment tahlil usulida aniqlashda yurtimiz tibbiyotida keng foydalaniladigan zamonaviy 4-avlod test-sistemalar ilgari xorijdan keltirilgan bo`lsa, bugun ular O`zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi “Radiopreparat” davlat korxonasida va akademiyaning O`simlik moddalari kimyosi institutida ishlab chiqarilmoqda. 

Mamlakatimizda OIV bilan kasallanish ko`rsatkichlari 2015 yilda 5,5 foiz, 2016 yilning o`tgan davrida 8 foiz pasayishiga erishildi. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 5 yanvardagi qarori asosida Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshida Maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi tashkil etilgan. Oltmish o`rinli bu klinikada OIVni yuqtirgan bemorlarga malakali tibbiy stasionar yordam ko`rsatilmoqda. 

Shifoxonada yuqori malakali 22 infeksionist vrach va vrach-laborantlar, 19 o`rta va kichik tibbiyot xodimlari faoliyat ko`rsatmoqda. Bemorlarga yanada yuqori malakada tibbiy yordam ko`rsatish uchun otorinolaringolog, nevropatolog, kardiolog, xirurg, onkolog, ftiziatr, dermatovenerolog, terapevt, pediatr, psixonevrolog kabi mutaxassislikdagi shifokorlar klinikaga jalb etilgan. Mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarining vrachlari va o`rta tibbiyot xodimlari klinika qoshidagi Mintaqaviy o`quv markazida OIV infeksiyasi bo`yicha muntazam malaka oshirib bormoqda. 

Bu erda OIV infeksiyasi oqibatida kelib chiqadigan barcha opportunistik (bakteriyali, zamburug`li zotiljam, o`pka sili, turli zamburug`li infeksiyalar va hokazo) yuqumli kasalliklar davolanadi, retrovirusga qarshi preparatlarning nojo`ya ta`siri bartaraf etiladi. 

Innovasion ishlanmalar – amaliyotga

Bugun dunyo ilm-fani ayni paytgacha bedavo deyilayotgan OITSning davosini topish borasida tinimsiz izlanmoqda. Bunda eng asosiy vazifa – virusning odamzot DNKsiga o`rnashib, xuddi shu hujayra shakliga kirib olgach, uni DNKdan ajratib-"yulib" olishda. Yana bir guruh olimlar DNKni virus yuqtirmaydigan qilishga urinmoqda. 

2010 yili Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshida tashkil etilgan ilmiy bo`limda ham OIV infeksiyasi rivojlanishi va tarqalishiga ko`maklashadigan sabablarni aniqlash bo`yicha jahon andozalariga mos tadqiqotlar o`tkazilmoqda, OIV/OITS profilaktikasi, diagnostikasi va uni davolashning O`zbekistonda qo`llanilayotgan usullari samarasi muntazam tahlil qilib borilayotir. 
Markaz olimlarining “OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishi xavfini baholaydigan mezonlar” to`g`risidagi ixtirosi natijasida homilador ayollarni ro`yxatga olingandan to bola 2 yoshga to`lgunicha ularda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavflarni tibbiyot xodimlari oldindan aniqlab, o`z vaqtida bartaraf qilib borishi yo`lga qo`yildi. Buning natijasida, bugun OIV infeksiyali onadan sog`lom bola tug`ilish ko`rsatkichi O`zbekistonda 99,3 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, rivojlangan Evropa davlatlarida bu ko`rsatkich o`rtacha 98,5 foizni tashkil etadi. 

So`nggi besh yilda markazning 50 dan ortiq mutaxassislari rivojlangan davlatlarda malaka oshirdi. 

O`zingni – o`zing asra

OIVni yuqtirmaslik uchun nima qilish kerak? Bu savolga bemorlarning o`zi ham, shifokor-mutaxassislar ham bir xil javob beradi: pok va sog`lom hayot kechirish!

Shu bois mamlakatimizda OIV infeksiyasiga qarshi kurashishda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ma`naviy tafakkurini yuksaltirish, tibbiy madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlarimizni keng targ`ib etish kabi eng samarali usullardan foydalanilmoqda. 2015 yilda shu maqsadda ta`lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda 200 dan ortiq turli tadbirlar tashkil etilgan, kasallikdan saqlanishga doir ommabop tavsiyalar aks etgan 150 ming nusxadagi bosma materiallar tarqatilgan, filmlar ko`rsatilgan. Natijada bugun aholining OIV infeksiyasi profilaktikasidan xabardorlik darajasi 85 foizga etgan. 

...Darvoqe, maqolamiz avvalida aytgan ayolning keyingi taqdiri nima bo`lgani o`quvchilarni qiziqtirayotgan bo`lsa kerak.

– Bu ayolning hayotga intilishi hammamizga, avvalo, o`ziga yordam berdi, – deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazi psixologi Aziza Ahmedova. – Zarur dorilarni vaqtida olib, psixologik treninglarda faol qatnashdi. Uch yil avval o`zi kabi OITSga chalingan bemorimiz bilan turmush qurdi. Er-xotin organizmida virus xuruji o`ta past vaqtda tabiiy yo`l bilan sog`lom farzand ko`rishdi. Hozir ikkinchi qizi ikki yoshda. Har tomonlama sog`lom. Ahil-totuv hayot kechirishmoqda. Ayol kelgusi faoliyatini o`zi kabi bemorlarga yordam berishga bag`ishladi.

Sharhlar

​Liviyalik erkak hamma yuz o`girgan, bedavo dardga chalingan 80 nafar bolani asrab oldi

12.07.2017, 12:30

Kaliforniyada yashovchi 62 yoshli liviyalik Muhammad Bzik 20 yil mobaynida bedavo dardga chalingan 80 nafar bolani boqib oldi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Muhammadning so`zlariga qaraganda,...
​YaXShILIK QILSANG, SUVGA AYT, BALIQ BILAR, BALIQ BILMASA, XOLIQ BILAR.

10.07.2017, 10:41

Tisha Bosheminning katta va ahil oilaning bekasi edi. Sevimli turmush o`rtoq, shirindan-shakar besh farzand – baxt uchun yana ne kerak? Ayol o`zining hayoti tubdan o`zgarib...
​O`LIMI BAShORAT QILINGAN, AMMO HAMON TIRIK BO`LGAN DUNYoNING ENG PAKANA QIZI (VIDEO)

08.07.2017, 10:28

Qizaloq Sharlotta Gersayd dunyoga kelganda shifokorlar dahshatga tushgan edi, deb yozadi Pozitivno.me nashri. Ular mehnat tajribasi davomida ilk marotaba bunday qizaloqni uchratishdi. Qizcha pakanalikning eng...
​Ruhiy kasallikka chalingan fransuz Makronni otmoqchi bo`ldi

03.07.2017, 16:25

Ruhiy kasallikka chalingan erkak Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni o`ldirishni rejalashtirdi, deb xabar berdi Ntv.ru nashri.Bastiliya olingan kunni nishonlash tadbirida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni o`ldirishni rejalashtirgan,...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1