2025 yil may oyida AQSH va Eron o‘rtasida yadroviy kelishuv bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar Isroilda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, Isroil hukumati Tramp ma’muriyati Eronga uran boyitish imkoniyatini saqlab qolishga yo‘l qo‘yadigan kelishuvga rozi bo‘lishidan cho‘chimoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ommaviy axborot vositalari orqali bu muzokaralardan noroziligini bildirib, “kuchsiz kelishuv — kelishmaslikdan ham yomon” deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning yadroviy bombaga ega bo‘lish imkoniyatlarini cheklamaydigan kelishuv Isroilning harbiy choralar ko‘rish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.
Muzokaralar AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi rahbarligida besh bosqichda o‘tkazildi, ammo uran boyitish masalasida tomonlar kelishuvga erisha olmagan.
Isroil razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron 60% gacha boyitilgan uran zaxiralarini ko‘paytirmoqda va yer osti yadroviy inshootlarini mustahkamlamoqda. Bu holat Isroilni ehtimoliy priventiv – oldindan zarba berish haqida o‘ylashga majbur qilmoqda, ammo AQSHning qo‘llab-quvvatlovisiz bu amalga oshirilishi qiyin. Oq Uy esa bu borada sabr qilishni tavsiya qilmoqda.
Tramp ma’muriyati diplomatiyani afzal ko‘rsa-da, harbiy variantni ham istisno qilmayapti. Prezident Tramp Isroilni muzokaralar davomida mustaqil harbiy harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon aprel oyida Eronga Trampning yadroviy kelishuv taklifini jiddiy qabul qilishni, aks holda Isroilning harbiy zarbasiga uchrash xavfi borligini ma’lum qildi.
Abdulloh Sayyid