AsosiySiyosat

Endi hokimlar mahalliy kengash raisi bo‘la olmaydi

Halq deputatlari kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladi.

'Endi hokimlar mahalliy kengash raisi bo‘la olmaydi'ning rasmi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonun mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarimiz oldidagi mas’uliyatini oshirish, mahalliy kengashlarning davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, boshqaruvning yanada shaffof va samarali bo‘lishini ta’minlaydigan qator muhim o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Unga ko‘ra hokim va mahalliy kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratilib, endilikda hokim mahalliy kengash raisi bo‘la olmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilanmoqda, uni vakolatlari muddati tugaguniga qadar lavozimidan ozod qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, xalq deputatlari kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi talab mustahkamlanmoqda. Bunda ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Qonun bilan viloyat, tuman, shahar hokimi vakolatlari va vazifalariga ayrim o‘zgartirishlar kiritilib, ularga ko‘ra hokim o‘z nomzodini ko‘rib chiqishda mahalliy kengashga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda mahalliy kengash raisi vakolatlari ham kengaytirilib, “Kengash so‘rovi” va “Kengash tekshiruvi” institutlari joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

Muhokamadan so‘ng Qonun bir ovozdan ma’qullandi.

    Boshqa yangiliklar