O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan Ar-Riyod shahrida bo‘lib turibdi. Bu haqida SSV xabar bermoqda.
Tashrif davomida "Jamjoom Pharma" kompaniyasi raisi Mahmud Jamjum bilan muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan 30 turdagi dori vositalarini O‘zbekiston hududida ro‘yxatga olish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish sharti bilan “Tashkent Pharma Park” hududida zamonaviy farmatsevtika zavodini qurish va 2025 yilning uchinchi choragida ishga tushirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Suhbat yakunida mazkur loyiha yuzasidan o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi.
Shuningdek, “InterHealth Hospital Medical” kompaniyasi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona va Qo‘qon filiallari hamda Koreyaning EDSF jamg‘armasi ko‘magida Toshkent shahri, Yashnobod tumanida kattalar uchun mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli markaz qurish loyihasi bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov sharti bilan (user-pay) ishonchli boshqaruvga berish takliflari bildirildi.
Binobarin, Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik ishlari markazi homiyligi ostida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy yil oktyabr oyida shifokorlarning 8 kunlik tashrifini amalga oshirib, 100 tadan 150 gacha bo‘lgan bemorlarda kateterizatsiya va ochiq yurak jarohlik amaliyoti o‘tkazilishiga kelishildi.