Xorijdagi vatandoshlarimizga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish tadbirlari doirasida Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan 3 nafar voyaga yetmagan bolalar vatanimizga qaytarilishiga erishildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar qildi.
Jumladan, turli sabablar tufayli ota-onasining qaromog‘idan mahrum bo‘lgan 16 yoshli va 6 yoshli 2 nafar qizlar va 11 yoshli 1 nafar o‘g‘il bola yaqin qarindoshlarining murojaatlari asosida Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yil 2 oktyabr kuni mas’ul xodimlarning kuzatuvi ostida Toshkent shahriga yuborildi.
Shu o‘rinda, ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini xorijiy davlatlarda nazoratsiz qoldirmaslik, befarq bo‘lmagan fuqarolarimizdan esa chet elda qarovsiz qolib ketgan bolajonlar to‘g‘risida zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy diplomatik vakolatxonalariga xabar berish so‘raladi.