Toshkent shahrida ikkita Damas’ni olib qochgan fuqarolarga 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, 20 yoshli M.B. va T.B. Yashnobod tumanida turgan, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan Damas yukxonasining eshigi ochiqligidan foydalanib, uning ichiga kirishgan.
Otvyortka yordamida rul qismi plastmassasini yechib, simlarni ulash orqali o‘t oldirib, olib qochishga muvaffaq bo‘lishgan. Ammo Yangihayot tumanida harakatlanayotgan vaqtda mashina o‘chib qolgan. Uni o‘t oldirolmay Yangihayot tumanidagi uylar yonida turgan boshqa bir Damas’ni ochib, haydab ketishadi, deyiladi IIBB axborotida.
Ular yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilib, ichki ishlar organlariga olib kelingan. Aniqlanishicha, M.B. avval Jinoyat kodeksining 169-modda (o‘g‘irlik) bilan sudlangan. Ular oldindan til biriktirib, transport vositasini olib qochishni va o‘zlashtirishni reja qilgani ma’lum bo‘lgan.
Biz anchadan beri ish izlayotgandik. O‘sha kuni ish qidirib Yashnobod tumanini rosa aylandik, yonimizda pulimiz qolmadi. Piyoda yurib charchadik. Tungi soat birlarga yaqin vaqt edi. Ko‘chada transport vositalari to‘xtamadi. Uyga yetib olaylik deb avtoturargohda turgan Damas avtomashinasini minib ketdik. Ertasi kuni uni olib kelib bermoqchi edik. Ammo yo‘lda u o‘chib qoldi. O‘sha joyda qoldirib ketdik, deydi o‘g‘rilardan biri o‘z ko‘rsatmasida.
Ularni tergov qilgan mayor Baxtiyor Abduxalilovning aytishicha, yigitlar gapni bir joyga qo‘yib, kelishgan holda yuqoridagi bahonaga tayanib turib olishgan.
Go‘yoki bu uydirmasi ayblarini yuvish uchun dastak bo‘ladigandek. Jinoyat kodeksida “tunda uyga yetib olish” maqsadida o‘zganing transport vositasini olib qochish uchun jazo yo‘q, deyilmagan. Dastlabki tergov jarayonida har biri o‘zini jazodan asrab qolish uchun aybni bir-birlariga ag‘dara boshlashdi, deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi bo‘linma boshlig‘i.
Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, M.B. va T.B.ni Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan aybli deb topgan. Mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda har ikkisiga 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.