1993 yil 7 mayda qabul qilingan “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qariyb 30 yil deganda ilk bor yangilanmoqda.
Yangilangan qonun loyihasi bugun, 23 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Tolibjon Madumarov, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:
Davlat sirlari bilan tanishish va tanishishga ruxsat berish tartibi, maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar toifalari, davlatlar o‘rtasida davlat sirlarini o‘zaro almashish tizimi amaldagi qonunda tartibga solinmaganligi bugungi kunda mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik va axborot almashish talablariga ziddir.
Davlat sirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 4 toifaga bo‘linadi:
Harbiy sohadagi,
Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy sohadagi,
Razvedka va kontr-razvedka, tezkor qidiruv faoliyati va boshqa davlat xavfsizligi yo‘nalishlariga oid,
Iqtisodiyot, ta’lim va texnika sohalariga oid chegaralangan ro‘yxati tasdiqlanmoqda.
Amalda ushbu ro‘yxat hukumatning 1994 yildagi qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maxfiy grifda berilgan. Ushbu ro‘yxatning qonun bilan ochib berilishi bugungi kundagi ochiqlik siyosatiga mos keladi.
Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati va ushbu ma’lumotlarni maxfiylashtirish bo‘yicha asossiz qaror qabul qilganlik bo‘yicha javobgarlikni belgilash hamda fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarni davlat sirlariga kiritilishini ma’n etish aniq belgilab qo‘yilmoqda.