AsosiyDunyo

“Mag‘lubiyatimni tan olaman”

Kamala Harris raqibi Trampni tabrikladi.

'“Mag‘lubiyatimni tan olaman”'ning rasmi

AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan raqibi Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilib, uni tabrikladi. Bu haqda Politico xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, suhbatdoshlar hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishi va prezidentning barcha amerikaliklar uchun roli muhimligini muhokama qilgan. Suhbat bir necha daqiqa davom etgan. Trampning saylovoldi shtabi bu borada quyidagicha bayonot berdi.

Prezident Donald Tramp va vitse-prezident Kamala Harris telefon orqali suhbatlashdi va uni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi. Tramp vitse-prezident Harrisning butun kampaniya davomida kuch-qudrati, professionalligi va qat’iyatini yuqori baholadi va har ikki yetakchi mamlakatda birlik muhimligini e’tirof etdi, deyiladi bayonotda.

Kamala Harris unga ovoz berganlarga minnatdorlik bildirib, natijalar u kutganiday bo‘lmaganini aytdi. 

Biz bu saylov natijalarini tan olishimiz kerak. Avvalroq men Tramp bilan gaplashib, uni g‘alabasi bilan tabriklagan edim. Men unga va uning jamoasiga hokimiyatni topshirishda yordam berishimizni va bu jarayonni tinch yo‘l bilan amalga oshirishimizni aytdim. Men saylovdagi mag‘lubiyatimni tan olaman, ammo bu kampaniyaning harakatlantiruvchi kuchiga aylangan kurashning mag‘lub bo‘lganini tan olmayman, dedi Harris.

U ayollar huquqlari va boshqa muhim masalalar borasida kurashishda davom etishini ta’kidladi:

Qo‘l qovushtirib o‘tirish vaqti emas, yeng shimarib ishga kirishish payti, deya qo‘shimcha qildi u.

AQSHda 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp g‘alaba qozonish uchun kerakli bo‘lgan 270 dan ortiq ovozni yig‘di. Garchi joriy natijalar dastlabki bo‘lsa-da, respublikachi kerakli miqdorda ovoz to‘plagani aniq. AQSHning 47-prezidenti inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadi.

    Boshqa yangiliklar