Toshkent shahrida qalbaki 1 400 AQSH dollarini bankomatdan almashtirgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Ipak Yo‘li” AITB Chilonzor filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar T.T. (muqaddam sudlangan), N.O., va A.Sh. ushbu bank filialiga tegishli bankomatdan jami 28 dona 50 AQSH dollarlik qalbaki kupyuralarni milliy valyuta so‘mga ayirboshlab olganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.