Amerika Qo‘shma Shtatlari Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) avvalroq Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan uch nafar o‘zbekistonlik sobiq amaldorga qarshi sanksiyalar e’lon qildi.
"Mehribonlik uyining sobiq rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlar odam savdosi va gender zo‘ravonlik, jumladan, davlat mehribonlik uyidagi bolalarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etgan", — deyiladi boshqarma xabarda.
Ushbu shaxslarning AQSHda joylashgan yoki amerikalik shaxslarning nazorati ostidagi barcha aktivlari va mulkiy manfaatlari muzlatiladi. Ularning ulushi 50% yoki undan yuqori bo‘lgan har qanday kompaniyalar ham bloklanishi mumkin.