Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bog‘cha bolalari ko‘z o‘ngida bo‘g‘ma ilon bilan “Ilon o‘yini” tomoshasi aks ettirilgan videolar tarqaldi.
Ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligiga zid ravishda yovvoyi jonzot vositasida o‘tkazilgan bunday sirk tomoshasiga huquqiy baho berish to‘g‘risidagi Bolalar ombudsmanining so‘rovi asosida holat IIV tomonidan o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, 24 oktyabrda Qo‘shrabot tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasida Ishtixon tumanida yashovchi B.M. va I.B.lar MTM 60 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilarining ko‘z o‘ngida bo‘g‘ma ilon (qizil kitobga kiritilgan, noqonuniy ravishda saqlangan yo‘lbars pitoni- uzunligi 2,50 metr) bilan sirk tomoshasini namoyish qilishgan.
B.M. faoliyat yurituvchi MCHJ tomonidan Qo‘shrabot tuman hududida 31 derga qadar zamonaviy sirk tomoshalarini o‘tkazish uchun ruxsatnomasi bo‘lsada, uning doirasida “ilon o‘yini” ko‘zda tutilmagan.
Tekshirish davomida, M.B. va B.I.lar tomonidan moddiy manfaatdorlik evaziga Qo‘shrabot tumanida joylashgan yana 8 ta umumta’lim maktablarda ham mazkur bo‘g‘ma ilon bilan sirk tomoshasi o‘tkazilganligi aniqlangan (jami – 840 nafar o‘quvchi tomoshabin bo‘lib ishtirok etgan).
26 noyabrda B.M.tomonidan noqonuniy ravishda saqlangan yo‘lbars pitoni mutaxassislar ishtirokida hujjatlashtirilib, viloyat Ekologiya boshqarmasiga tegishli tartibda topshirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilib, vaziyatga huquqiy baho berish yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Bolalar ombudsmani ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligiga zid ushbu tomoshalarga yo‘l qo‘yganlarga tegishli chora ko‘rish va kelgusida bunday noqonuniy harakatlarni oldini olish yuzasidan mutasaddilar bilan ishlamoqda.