Bugun, 3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida muhim moliyaviy hujjati – Davlat budjetining qabul qilinishi bo‘yicha hujjat muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda qonun loyihasi yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorov ma’ruza qilgan.
Dastlab kelgusi yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan ushbu yo‘nalishlarga sarflanadigan mablag‘larning manzilliliga va natijadorligiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sport va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha muhokamalarda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritilgan. Xususan, ayrim asosli takliflar budjet va soliq tizimlarini takomillashtirish jarayonida inobatga olinadigan bo‘lgan.
Deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda qonun loyihasiga bir qancha konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
O‘zLiDeP fraksiyasi taklifi bilan Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shimcha 35,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi taklifi bilan kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish uchun qo‘shimcha 40 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
"Adolat" SDP fraksiyasi Ombudsman institutining moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha bergan takliflarini asosli deb topib, qo‘shimcha 3,1 mlrd.so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
O‘zXDP fraksiyasining tavsiyasi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qo‘shimcha 10,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Ekologik partiyasi fraksiyasi taklifi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi uchun qo‘shimcha 100 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, fraksiya a’zolarining taklifiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rmonchilik sohasi ilmiy-tajriba stansiyasini tashkil etish xarajatlar uchun qo‘shimcha 9,5 mlrd.so‘m mablag‘lar ajratiladigan bo‘ldi.
Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga Hukumat tomonidan tuzilgan ishchi guruh hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari tomonidan oydinlik kiritildi.
Shuningdek, majlisda deputatlar subsidiyalar va uning natijadorligi, budjet ochiqligini ta’minlash, budjet mablag‘lari ustidan moliyaviy nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirishgan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida budjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishda qonun talablariga qat’iy rioya qilish, davlat tashqi qarzining va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha loyihada belgilangan chegaradan oshib ketmaslik bo‘yicha hukumatning o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlari deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.