Suyultirilgan gaz va gaz ballonlarini talon-toroj qilish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qilmoqda.
Departamentning Oltiariq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Oltiariqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul shaxslari 153 ta aholi xonadoniga go‘yoki 2 998 ta gaz ballonlarida 1 kg. uchun belgilangan 1 600 so‘mdan jami 58 520 kg. suyultirilgan gaz yetkazib berilganligi haqida elektron dasturga soxta ma’lumotlar kiritib, amalda gaz to‘ldirilgan ballonlarni qimmat narxlarda boshqa shaxslarga sotib yuborib, jami 262,4 ming so‘m naqd pul mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Buloqboshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Buloqboshitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul shaxslari o‘zlarining moddiy javobgarligida bo‘lgan umumiy bahosi 98 mln so‘mlik jami 235 dona suyultirilgan gaz ballonlarini hech qanday hujjatsiz boshqa shaxslarga berib yuborib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.