Shavkat Mirziyoyev Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimi uchun Senatga prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov nomzodini taqdim etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Avvalroq prezident senatga Mamarizo Nurmuratovni bu lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 30 dekabr kuni prezidentning tegishli farmoni bilan Timur Ishmetov moliya vaziri lavozimidan ozod etilgandi. O‘shanda buyon u davlat rahbarining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Timur Aminjanovich Ishmetov (1979 yilda tug‘ilgan) bakalavriatni Toshkent moliya institutining moliya-kredit fakultetida (2000), magistraturani esa Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida tamomlagan (2005). Shuningdek, Ishmetov Toshkent davlat yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan (2007).
Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bankda iqtisodchi sifatida boshlagan, u yerda turli lavozimlarda, jumladan, Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro zahiralarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozori operatsiyalari departamenti hamda valyutani tartibga solish va nazorat departamenti boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2017−2019 yillarda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2019 yil may oyidan 2020 yil fevralida vazir etib tayinlangunicha Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.