Bugun ijtimoiy tarmoqlar va axborot saytlarida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari hech qanday huquqiy asos ko‘rsatilmagan holda o‘chirib qo‘yilayotgani haqida xabar tarqaldi. Aytilishicha, quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzish bo‘yicha vazirlik topshiriq bergan.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
"Ta’kidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimizda generatsiya, ya’ni elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi esa o‘z ehtiyojimizni to‘liq qoplashga yetadi.
Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermagan.
Shuni alohida aytish kerakki, Energetika vazirligi ekologiyamizni asrashga katta hissa qo‘shadigan elektromobillarni O‘zbekistonda ommalashtirish tarafdori.
Shu o‘rinda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatgan tadbirkorlik subyektlarining qonuniy faoliyatlariga to‘sqinlik qilish holatlariga duch kelsangiz, Energetika vazirligining +99871-231-16-61 (ichki 7037, 7046 va 7057) raqamli "Ishonch telefonlari"ga murojaat qilishingizni so‘raymiz", deyiladi vazirlik raddiyasida.