Andijonda ish vaqtida vafot etgan xodimning oila a’zolariga korxona tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan bir martalik nafaqa hamda oyma-oy zarar to‘lovlari to‘lanadigan bo‘ldi.
Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, andijonlik Sh.N.ning turmush o‘rtog‘i N.N. mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtda tan jarohati olib vafot etgan. Sh.N. boquvchisini yo‘qotgani uchun korxona tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan bir martalik nafaqa hamda oyma-oy zarar to‘lovlarini undirishda amaliy yordam so‘rab, Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasiga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng boshqarma Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fuqaroning murojaati belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Ariza qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan Sh.N. foydasiga 485 million 760 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini undirish belgilangan.