Parijda Fransiyaning sobiq rahbari Nikolya Sarkoziga qarshi yangi sud ishi boshlandi. Unga 2007 yilgi saylovoldi kampaniyasi uchun Liviyaning o‘sha paytdagi yetakchisi Muammar Qazzofiydan 50 million yevro olgani haqidagi ayblovlar qo‘yildi.
Ayblovlarga ko‘ra, Sarkoziga passiv korrupsiya, noqonuniy yo‘llar bilan saylov kampaniyasini moliyalashtirish, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va jinoiy guruh faoliyatida ishtirok etish kabi jiddiy jinoyatlar yuklanmoqda. Sudda Sarkozidan tashqari yana 11 kishi, jumladan, uch nafar sobiq vazir ham javobgarlikka tortilmoqda.
Agar sud uni aybdor deb topsa, Nikolya Sarkoziga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Ammo sobiq prezident bu ayblovlarni qat’iy rad etib kelmoqda va o‘zini nohaq ayblanayotgan deb hisoblaydi.
Shunisi qiziqki, Sarkozi avval ham sudlangan. 2012 yilgi prezidentlik saylovoldi kampaniyasida u qonun belgilagan limit — 22,5 million yevrodan ancha ko‘p, 42,8 million yevro sarflagani uchun bir yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Siyosiy doiralarda bu voqea katta qiziqish uyg‘otmoqda va jamiyat sudning yakuniy qarorini intizorlik bilan kutmoqda.