Kaliforniyaning Janubiy hududlaridagi yong‘inlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 kishiga yetdi. Yong‘inlar Los-Anjeles okrugida 45 kvadrat millik maydonni qamrab olgan bo‘lib, ularni o‘chirish uchun minglab o‘t o‘chiruvchilar safarbar qilingan.
Eng yirik yong‘inlardan biri — «Paliseyds» yong‘ini — 24,000 akr maydonni yoqib yubordi va minglab inshootlarni vayron qildi; hozirda yong‘inning atigi 11% nazoratga olingan. Shuningdek, Pasadena shimolidagi “Iton” yong‘ini 14,100 akrdan ortiq maydonni qamrab olgan va uning 27% nazoratga olingan. Silmar yaqinidagi “Hyorst” yong‘ini esa 799 akrni yondirib o‘tgan. Uning 89% nazoratga olingan.
105 mingga yaqin kishi majburan evakuatsiya qilingan, yana 87 ming kishiga evakuatsiya qilinishi haqida ogohlantirishlar berilgan. Kuchli Santa-Ana shamollari va qurg‘oqchilik yong‘inlarning tarqalishini yanada kuchaytirmoqda.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom yong‘inlarga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha 1000 nafar milliy gvardiya askarlarini safarbar qildi. Shuningdek, Los-Anjeles shahar meri yong‘inlardan jabrlanganlarga yordam berish uchun tuzilgan jamg‘arma mablag‘i 6 million dollardan oshganini ma’lum qildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘indan ko‘rilgan zarar 135 dan 150 milliard dollargacha baholanmoqda.
Hududdagi maktablar yopilgan edi, ammo Los-Anjeles ta’lim departamenti dushanba kunidan boshlab ba’zi maktablarni qayta ochishni rejalashtirmoqda. Bu qaror maktablarning joylashuvi va havo sharoitiga bog‘liq bo‘ladi.
AQSH Meteorologiya xizmat Janubiy Kaliforniyada chorshanba kunigacha kuchli shamollar va yong‘in xavfi haqida ogohlantirish e’lon qildi. Shamollar tezligi soatiga 70 milgacha yetishi mumkin.
Federal favqulodda vaziyatlar agentligi (FEMA) ma’lumotiga ko‘ra, 24 mingdan ziyod kishi yordam olish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Abdulloh Sayyid