AsosiyDunyo

Qirg‘izistonda yil boshidan beri qizamiqning 200 dan ortiq yangi holati qayd etildi

2024 yilda Qirg‘izistonda 14 ming 380 qizamiq kasalligi qayd etilgan, shundan 5,7 mingtasi Bishkek shahrida.

'Qirg‘izistonda yil boshidan beri qizamiqning 200 dan ortiq yangi holati qayd etildi'ning rasmi

2025 yil boshidan buyon Qirg‘izistonda qizamiqning 229 ta yangi holati, jumladan, Bishkekda 144 tasi qayd etildi. Bu haqda mamlakatning Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, kasallanishning ko‘payishiga asosiy sabab aholining emlash bilan kam ta’minlangani bo‘lib, bu ko‘rsatkich poytaxtda atigi 69 foizni tashkil etgan bo‘lsa, talab qilinadigan ko‘rsatkich 95 foizgacha yetmoqda.

Joriy yilgi qisqa statistikani o‘tgan yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, 2024 yilda respublikada 14 ming 380 qizamiq kasalligi qayd etilgan, shundan 5,7 mingtasi Bishkek shahrida.

Vazirlar Mahkamasining bayonnoma topshiriqlari ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligida sayyor tezkor shtabning yig‘ilishi tashkil etildi.

Muhokamalarda sog‘liqni saqlash va poytaxt hokimligi, sog‘liqni saqlash tashkilotlari rahbarlari, ta’lim muassasalari, viloyatlar hokimliklari vakillari ishtirok etdi. Qizamiq, qizilcha, ARVI va grippning tarqalishiga qarshi emlash kampaniyalarining joriy epidemiologik holati va monitoringi muhokama qilindi.

O‘tgan yili respublikada qo‘shimcha va tozalovchi emlashning uch bosqichi amalga oshirildi. Jami 918 ming bola, 29 ming 258 nafar tibbiyot xodimi, o‘rta va oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va talabalari emlandi.

Qayd etilishicha, qizamiqning keyingi tarqalishining oldini olish uchun vazirlik to‘qqiz oylikdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni keng qamrovli emlash kampaniyalarini davom ettirmoqda.

“Biroq, vaksinani rad etish tufayli to‘liq qamrovga erishish qiyin. Shu sababli, jiddiy epidemiologik xavflar yuzaga keladi, chunki virus emlanmagan bolalar orasida faol tarqalmoqda”, deya ta’kidlagan vazirlik.

Tezkor shtab yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, qizamiq kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha aholi o‘rtasida ma’rifiy ishlarni kuchaytirish va profilaktika chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar