Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda kartoshka narxi bir kilogramm uchun 60-65 somgacha (salkam 9-10 ming so‘mga yaqin) ko‘tarildi. Mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka eksportini vaqtinchalik cheklamoqchi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Deputat Eldar Abakirov Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligidan yerga ishlov berish mavsumi va kelgusi yil uchun rejalari haqida ma’lumot berishni so‘radi.
“Bizda kartoshka katta hududlarda — Issiqko‘l viloyati, Oloy, Chon-Oloy, Qo‘chqorda yetishtiriladi. Fermerlar uchun xursandmiz, lekin aholi uchun 65 som qimmat. Bir qop un 1 ming 700 som bo‘lsa, bir qop kartoshka 2,5-3 ming som”, dedi deputat.
Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi kartoshka eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining spekulyatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Vazir Bakit Toroboyev mamlakatda oziq-ovqat narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat idoralari, prezidentning viloyatlardagi o‘rinbosarlari va mahalliy hokimiyat organlariga oziq-ovqat mahsulotlari narxini diqqat bilan kuzatish bo‘yicha topshiriq berdi.