O‘zbekiston musulmonlari idorasi “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Qonun loyihasi”ni qo‘llab-quvvatladi.
Konsepsiyaning 3-bandida diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-ahloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelishi ta’kidlanib, bu Davlatimizda barcha dinlarga bo‘lgan e’tibor va e’tirofning yorqin dalili hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, konsepsiya ko‘pmillatli va turli konfessiyali yurtimizda erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgandir. Jumladan, hujjatda “Har bir shaxsning qonun asosida teng huquq, imkoniyat va himoyaga ega bo‘lishini ta’minlash, har bir inson qadrlanadigan, hurmat qilinadigan va fikri inobatga olinadigan ijtimoiy muhitni yaratish”, deb alohida qayd qilingan.
Demakki, bunday sa’y-harakatlar inson qadr-qimmatini oshirishga, millatlar va dinlararo munosabatlarni mustahkamlashga, tinchlik-xotirjamlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ham yanada ahamiyatga ega.
Zero, inson qachonki millati, xalqi, dini g‘ami bilan yashasa, barkamollikka erishadi. Hayotga tadbiq etilayotgan bu kabi qonun-qoidalar natijasida hamjihatligimiz yanada mustahkamlanadi.