O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kuvaytga amalga oshirilayotgan tarixiy tashrif davomida erishilgan kelishuvlar doirasida faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha oliy darajada qaror qilingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni tashkil etish va Samarqand shahrida o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammitiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan yangi hamkorlik dasturi imzolangani yuqori baholandi.
Oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma, turizm va boshqa yo‘nalishlarda loyihalarni ilgari surish hamda mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.