Argentina hukumati mamlakatda kuchli suv toshqinlari natijasida 16 nafar odam halok bo‘lganidan so‘ng uch kunlik milliy motam e’lon qildi. Baiya-Blanka shahrida bir yillik yomg‘ir bir necha soat ichida yog‘ib, butun mahallalarni suv bosdi. 963 kishi xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.
Fojiali voqea davomida bir va besh yoshli ikki qiz suv oqimi tomonidan olib ketildi. Hali ham bedarak yo‘qolganlar borligi haqida xabarlar kelmoqda.
Juma kuni Baiya-Blanka shahri va uning atroflariga bir yillik yomg‘ir miqdori bir necha soat ichida yog‘ib tushdi. Bu Argentinaning Buenos-Ayres viloyati janubidagi yirik port shahri bo‘lib, tez ko‘tarilgan suv to‘lqinlari butun mahallalarni suv ostida qoldirdi.
Provinsiya xavfsizlik vaziri Xaver Alonso yakshanba kuni tasdiqlashicha, halok bo‘lganlar orasida ikki qizaloq ham bor. Ular onasi bilan birga suvdan qochish maqsadida mashina tomiga chiqqan, ammo kuchli oqim qizlarni olib ketgan. Onasi esa qutqarib qolingan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, ba’zi joylarda suv sathi bir metrdan oshiq qolmoqda.
Baiya-Blanka shahar meri Federiko Susbiyelles matbuot anjumanida suv toshqinlari infratuzilmaga 400 million dollar zarar yetkazganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki qidiruv ishlari hali ham davom etmoqda.
Shahar ma’muriyati kuchli yomg‘ir oqibatida katta hajmdagi suv yig‘ilgani uchun elektr ta’minotini vaqtincha o‘chirishga majbur bo‘ldi.
Argentina prezidenti Xaver Miley yakshanba kuni rasman uch kunlik milliy motam e’lon qildi va hukumat jabrlanganlarga yordam berish uchun barcha kuchlarni safarbar qilishini ta’kidladi.
Hukumat favqulodda tiklash ishlari uchun 10 milliard peso (rasmiy kurs bo‘yicha 9,2 million dollar) ajratganini ma’lum qildi.
Argentina futboli yulduzi Lionel Messi Instagram sahifasida jabrlanganlarning oilasiga hamdardlik bildirdi:
"Bu og‘ir damlarda qiyinchilikka duch kelganlarning barchasiga kuch-g‘ayrat tilayman."
Ekologik siyosat bo‘yicha mutaxassis Andrea Dufurg bu ofat iqlim o‘zgarishining aniq namunasi ekanligini ta’kidladi.
"Afsuski, bunday hodisalar davom etadi... Bizning yagona imkonimiz shaharlarni tayyorlash, aholini xabardor qilish va samarali erta ogohlantirish tizimlarini yo‘lga qo‘yishdir," — dedi u.
Baiya-Blanka avval ham kuchli tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan. Xususan, 2023 yil dekabrida sodir bo‘lgan bo‘ron 13 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va infratuzilmaga katta zarar yetkazgan edi.
Abdulloh Sayyid