Rossiyaliklar uchun Qozog‘iston bank kartalariga muqobil variant topildi: endi ular masofadan turib O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston banklaridan karta ochishmoqda.
Bu Qozog‘iston hukumati 2025 yil yanvaridan boshlab norezidentlarga to‘lov kartalarini berish qoidalarini qattiqlashtirganidan keyin sodir bo‘ldi. Bir qancha yirik banklar, jumladan, Home Credit va Kaspi, chet elliklarga karta berishni to‘xtatdi. Boshqa banklar, masalan, Freedom Bank va «Sentrkredit», xizmat ko‘rsatishni faqat shaxsan kelgan mijozlar uchun davom ettirdi. Keyinchalik Kaspi banki Qozog‘istonda yashash uchun ruxsatnomasi bor shaxslarga karta berishni qayta boshladi.
Ayni paytda rossiyaliklar orasida Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston banklari katta talabga ega bo‘lib qoldi. Masalan, Tojikiston Xalqaro banki va «Xumo» mikromoliyaviy kompaniyasi chet elliklarga AQSH dollari va yevroda karta taklif qilmoqda. Ushbu kartalarning amal qilish muddati besh yilgacha davom etishi ularni Qozog‘iston kartalariga nisbatan afzalroq qiladi.
Qirg‘izistonda rossiyaliklar orasida «Kompanon», Bakay-bank, DemirBank kabi moliya muassasalari mashhurlikka erishgan. O‘zbekistonda esa Asia Alliance Bank, Aloqabank va boshqa banklar chet ellik mijozlarga kartalar taklif qilmoqda.
Milliy to‘lov kengashi raisi Aleksandr Linnikov ta’kidlaganidek, chet el banklarida karta ochish jarayoni tobora osonlashmoqda. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston banklarida kartani masofadan turib, hech qanday ortiqcha xarajatlarsiz rasmiylashtirish mumkin.
"Bu jarayon ancha oson. Ko‘plab xorijiy banklar rossiyalik mijozlarga bunday xizmatni uzoq vaqtdan beri taqdim qilib kelmoqda. Rossiyada ularning vakolatxonalari yoki ishonchli vakillari bor. Ular Rossiya fuqarolaridan arizalarni qabul qilib, hisob raqamlari ochish va karta berish jarayonini amalga oshiradi. Bunga katta hajmdagi hujjatlar talab etilmaydi. Bu usul ilgari Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekiston banklari tomonidan ham qo‘llanilgan."
Mutaxassisning fikricha, bunday kartalar rossiyaliklar uchun xalqaro to‘lov tizimlari – Visa va Mastercard kartalariga muqobil variant sifatida xizmat qilmoqda. Shuningdek, do‘stona davlatlar banklari Rossiya mijozlari uchun o‘zaro raqobatda bo‘lib, ularni jalb qilishga intilmoqda.
Eslatish joiz, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolar xorijda ochilgan bank hisob raqamlari haqida Rossiya soliq organlariga xabar berishi shart.
Abdulloh Sayyid