AQSH prezidenti Ukraina yetakchisi bilan telefon orqali muloqot qildi. Tramp Putin bilan suhbatdan so‘ng navbatdagi qadamlar qanday bo‘lishni muhokama qilgan.
Ukraina prezidenti avvalroq Rossiyaning qisman otashkesim o‘rnatish taklifiga ochiq munosabat bildirgan, biroq shubha bilan yondashgan edi. Bu AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashganidan so‘ng sodir bo‘ldi. The New York Times gazetasi shu haqda xabar bergan.
AQSH prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali “juda yaxshi suhbat” o‘tkazganini va unda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muhokamalardan so‘ng keyingi qadamlar muhokama qilinganini aytdi.
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida telefon orqali suhbat bir soat davom etganini va Davlat kotibi Marko Rubio hamda Milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Uols yaqin orada suhbat tafsilotlarini batafsil bayon qilishini bildirdi.
Biroq uning dastlabki munosabati ijobiy tusda bo‘lib, so‘nggi haftalarda Zelenskiyga qaratgan keskin tanqidlaridan xoli edi. Bu tanqidlar jumladan, o‘tgan oy Oq uydagi keskin uchrashuvda ham kuzatilgan edi.
“Muhokamaning asosiy qismi kecha Putin bilan bo‘lib o‘tgan suhbatga asoslandi, Rossiya va Ukrainaning talab hamda ehtiyojlarini uyg‘unlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi”, — deb yozdi Tramp chorshanba kuni. “Biz reja bo‘yicha harakat qilyapmiz.”
Zelenskiy esa Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat tafsilotlarini Trampdan eshitishni kutganini ma’lum qildi. Putin bu suhbat chog‘ida Ukrainaga qarshi hujumlarning bir qismini to‘xtatish bo‘yicha qisman kelishuvni taklif qilgan edi. Bu kelishuv Kiyev Vashingtonning talabiga ko‘ra rozi bo‘lgan 30 kunlik shartsiz sulhdan kamroqni nazarda tutardi.
Chorshanba kuni Zelenskiy qisman otashkesim o‘rnatish taklifiga ma’lum darajada ochiq munosabat bildirdi, biroq bunday kelishuv samarali bo‘lishi uchun AQSH tomonidan nazorat qilinishi kerakligini ta’kidladi.
“Putinning energiya obyektlariga zarba berilmasligi haqidagi va’dasi yetarli emas”, — dedi Zelenskiy. “Urush bizga amaliy bo‘lishni o‘rgatdi.”
Ukraina himoya qilinishi kerak bo‘lgan obyektlar ro‘yxatini tayyorlaydi, agar nazorat mexanizmi “Rossiya bizning obyektlarimizga zarba bermayotganini tasdiqlasa, biz ham ularnikiga zarba bermaymiz”, — dedi u Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan Helsinkidagi matbuot anjumanida.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ishonchsizlik mustahkam bo‘lib qolayotganini ko‘rsatib, chorshanba kuni har ikki davlat bir-birlarini energetika infratuzilmasiga hujum qilishda aybladi.
Zelenskiy Putin tomonidan taklif etilgan keng qamrovli sulh shartlarini — masalan, Ukrainaga chet el harbiy va razvedka yordamini to‘liq to‘xtatish talabini — Rossiyaning muzokaralarda ko‘proq vaqt yutish va frontda o‘z pozitsiyalarini yaxshilashga urinishi sifatida baholadi.
Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng Zelenskiy yana shu fikrni takrorladi va Rossiya shartlar qo‘yish orqali urushni tugatish niyati yo‘qligini ko‘rsatayotganini aytdi.
Zelenskiy 28 fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan muammoli uchrashuvdan so‘ng Vashington bilan muvozanatli munosabatlarni saqlashga harakat qilmoqda. O‘sha paytda Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens uni AQSH yordami uchun “yetarli darajada minnatdorlik bildirmayotganlikda” ayblagan edi. Uchrashuvdan keyin Tramp ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini vaqtincha to‘xtatdi. Buning ortidan Zelenskiy ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi.
Ukrainaning Yevropa ittifoqidagi ittifoqchilari har qanday sulh harakatlarini ehtiyotkorlik bilan qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda Kiyevga ko‘proq yordam berishga va Rossiyaga bosimni kuchaytirishga va’da berishmoqda.
“Bu yoki qabul qilinadigan, yoki qabul qilinmaydigan narsa. Hech qanday "lekin", hech qanday shartlar bo‘lmasligi kerak”, — dedi Finlyandiya prezidenti Stubb chorshanba kuni matbuot anjumanida. “Ukraina hech qanday shartsiz sulhni qabul qildi. Agar Rossiya rozi bo‘lmasa, biz Ukrainaga yordam berishni kuchaytirishimiz va Moskvaga bosimni oshirishimiz kerak.”
Ukraina rasmiylari AQSH va Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan so‘ng 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qabul qilishgan edi. Bu shartnoma quruqlik, havo va dengizdagi hujumlarni qamrab olgan bo‘lib, Rossiyaning uch yil oldingi keng ko‘lamli bosqinidan beri birinchi marta to‘liq sulh e’lon qilinishi mumkin edi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, ushbu bir oylik sulh uzoq muddatli tinchlik bo‘yicha kengroq muzokaralar uchun imkoniyat yaratishi kerak edi.
Chorshanba kuni u Ukraina har qanday kelishuvga kirishishda o‘zining “qizil chiziqlari” borligini yana bir bor ta’kidladi. “Biz uchun "qizil chiziq" – bu vaqtincha bosib olingan hududlarni Rossiyaniki sifatida tan olish. Biz bunga rozi bo‘lmaymiz.”, — degan Zelenskiy.
Abdulloh Sayyid