AsosiyJamiyat

Dubayda qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayollar vatanga qaytarildi

Ularni BAA taklif qilgan shaxs Qatarga chiqib ketayotganligini aytib, aloqani uzgan.

'Dubayda qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayollar vatanga qaytarildi'ning rasmi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida mushkul ahvolda qolgan uch nafar hamyurtlarimiz O‘zbekistonga qaytdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Bosh konsulxonadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vatandoshlarimiz I.X., I.G. va uning voyaga yetmagan farzandi I.M. 2024 yil 22 dekabr kuni yaqin qarindoshining taklifi bilan BAAga kelgan va Dubay shahrida ijara uyga joylashgan. O‘tgan vaqt mobaynida ular BAAda bo‘lish uchun viza rasmiylashtirmasdan noqonuniy yashab kelgan.

Mehmonlarni BAA taklif qilgan shaxs 23 fevral kuni Qatarga chiqib ketayotganligini aytib, aloqani uzgan. Mart oyi boshida xonadon egasi ijara pulini to‘lash kerakligini, agar ijara puli to‘lanmasa xonadonni tark etishni talab qilib, vatandoshlarimizni ko‘chaga haydagan.

Hamyurtlarimiz bilan suhbat davomida ularning turar uy-joy, oziq-ovqat va vatanga qaytish uchun mablag‘lari yo‘qligi oydinlashdi.

Bosh konsulxona xodimlari Amirliklardagi "Ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish markazi" xayriya tashkiloti va faol vatandoshlarimiz bilan birgalikda yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga barcha zarur ko‘mak ko‘rsatishdi.

Ularning BAAda noqonuniy yashab kelgan muddatda hisoblangan 2 ming 178 AQSH dollari miqdoridagi qarzdorlik ushbu mamlakatning tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ijobiy hal qilindi. 

"Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasining BAAdagi vakolatxonasi esa hamyurtlarimizning oilasi bag‘riga qaytishi uchun "Dubay-Toshkent" havo qatnoviga hech qanday to‘lovlarsiz chipta rasmiylashtirib berdi.

    Boshqa yangiliklar