Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Hujjatga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasidan iborat alifbo o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topgan yangi alifbo joriy etilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilgan.

Yangi tahrirda ikki belgidan iborat harf birikmalari bekor qilinib, ular bitta belgi bilan ifodalanadi. Xususan, "Sh" o‘rniga "Ş", "Ch" o‘rniga "Ç", "Oʻ" o‘rniga "Ö", "Gʻ" o‘rniga "Ğ" harflarini qo‘llash taklif etilgan. Shu bilan birga, "Ng" harf birikmasidan voz kechish rejalashtirilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonunni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham bildirdi. Jumladan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta, qimmatli qog‘ozlar, davlat organlari va tashkilotlarining peshlavhalari, ramziy belgilari hamda boshqa atributlar belgilangan muddatgacha amal qilishda davom etadi.
Qayd etilishicha, bunday yondashuv davlat muassasalaridagi hujjatlar, blankalar, ko‘rsatkichlar va boshqa vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etadi. Bu esa davlat budjeti mablag‘larining ortiqcha sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari ham ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi ilk bor 2021 yil mart oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. 2023 yil sentabrida esa ishchi guruh alifboning yangilangan loyihasini taqdim etgan.






