Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer federal kansler Olaf Shols va uning hukumatidagi 14 nafar vazirga iste’fo to‘g‘risidagi guvohnomalarni tantanali ravishda topshirdi. Bu haqda mamlakat OAVlari xabar qildi.
Marosim Berlin markazidagi Belvyu prezidentlik saroyida bo‘lib o‘tgan. Prezident Shols va uni hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun: Germaniya qonuniga ko‘ra, kansler va vazirlar yangi Bundestag chaqirilgan kuni lavozimlarini tark etadilar. Biroq prezident Shtaynmayer kansler Shols va 14 vazirdan yana bir necha hafta lavozimida qolishini so‘radi. Bu tartib ham qonunda nazarda tutilgan. Kansler va vazirlar yangi hukumat shakllantirilgunga qadar ishini davom ettiradi.