Toshkent shahrida xonadon egasining pullarini o‘g‘irlab, chaqaloqqa onasi yo‘qligidan foydalanib, turli xil jarohatlar yetkazgan enagaga sud hukmi o‘qildi. darakchi.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, 2022 yildan to 2024 yil oktyabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt davomida sudlanuvchi ayol tanishi R.M.ning farzandlariga enagalik qilish uchun uning Toshkent shahar Uchtepa tumani, Chilonzor mavzesida joylashgan yashash uyida ishlab, istiqomat qilib kelgan. U doimiy ravishda xonadon egasi uyga savdo pullarini olib kelgan vaqtida uning chalg‘iganidan foydalanib, har safar 1 mln, 2 mln so‘mdan umumiy hisobda ko‘p miqdordagi 118 mln so‘m naqd pul mablag‘larini o‘g‘irlab, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Bundan tashqari, enaga o‘z jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, tanishining qizi 3 yoshli G‘.O.ni do‘pposlab, tanasining turli qismlariga urib, tan jarohati yetkazgan. Sud-tibbiy ekspertiza voyaga yetmagan qizaloqning “o‘ng jag‘ osti sohasi, o‘ng son yuqori uchligi old sohasi, chap son yuqori uchligi old yuzasida qontalashlar”ni aniqlagan.
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga qisman iqrorlik bildirgan. Va R.M.ning savdo orqali ishlab topgan pullaridan ma’lum miqdorda o‘g‘rilik yo‘li bilan olib turganini, qizaloq yig‘lab asabini ko‘p buzgani sababli uni doimiy ravishda qo‘li bilan bosh qismiga, qorin, tana qismiga va oyoq sohalariga urganini, bir necha marotaba bosh qismiga qo‘lida bo‘lgan telefon va televizorning pulti bilan urganini aytgan.
Sudlanuvchi enaga Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi "v" bandi va 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi "a" bandi bilan aybli deb topilib, 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.