27 aprel kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida birinchi Markaziy Osiyo – Italiya sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorjiya Meloni Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan 26-27 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi.
“Oliy darajadagi muzokaralar davomida tomonlar Qozog‘iston-Italiya strategik sherikligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari hamda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso qatnashdi. Sammit natijasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.