O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi yirik korxonalar xalqaro bozorlarda xususiylashtiriladi. Bu haqda 21-aprel kuni prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushlari) nufuzli xalqaro professional konsultantlarni jalb qilgan holda ommaviy savdolarga chiqariladi.
12 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladi.
Quyida savdoga chiqariladigan korxonalar sotiladigan ulushi bilan keltirildi:
Universal Mobile Systems MCHJ — 100 foiz;
UzAuto Motors AJ — 99,7 foiz;
UzAuto Motors Powertrain AJ — 100 foiz;
“O‘zbekinvest” EISK AJ — 75,24 foiz;
“O‘zagrosug‘urta” AJ — 99,35 foiz;
Uzbekistan GTL MCHJ — 100 foiz;
“O‘zbekgidroenergoqurilish” AJ — 96,7 foiz;
“Transgazmaxsusqurilish” AJ — 77,6 foiz;
“Maxsusenergogaz” AJ — 41 foiz;
To‘raqo‘rg‘on, Yangi Angren, Angren, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh IES — 100 foiz;
Muborak, Farg‘ona issiqlik elektr stansiyalari — 100 foiz;
Texnopark MCHJ — 100 foiz;
Uzbek Leasing International AJ — 45,5 foiz;
“O‘zagrolizing” AK — 97,5 foiz;
“Toshkent traktor zavodi” MCHJ — 100 foiz;
“Sherobod sement zavodi” MCHJ — 100 foiz;
“Yo‘lqurilish” AJ — 100 foiz;
“O‘zsuvqurilish” AJ — 100 foiz;
“Sharg‘unko‘mir” AJ — 99,93 foiz;
“O‘zmetkombinat” AJ — 91 foiz;
“Navoiyazot” AJ — 75 foiz.
2025-yil 1-iyulgacha Energetika vazirligi yoqilg‘i yetkazib berishning eng kam miqdori bo‘yicha kafolati asosida xalqaro bozorda issiqlik elektr stansiyalarining ochiq ommaviy savdolarini e’lon qiladi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-dekabrga qadar 2030-yilgacha davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqilishi ta’minlanadi.