Eronning Tehron viloyatiga qarashli Islomshahr shahrida erkak o‘zining 18 yoshli qizi Fotima Sultoniyni go‘zallik salonida ishlayotganini bilib qolganidan so‘ng omma oldida pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Eronning “IranWire” muxolifat nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Sultoniy otasining salbiy munosabatidan qo‘rqqani uchun go‘zallik salonida yashirincha ishlay boshlagan. Aytilishicha, erkak ilgari ham xotini va qiziga nisbatan muntazam zo‘ravonlik qilgan.
U go‘zallik salonining manzilini qizining Instagram sahifasida qoldirilgan bron qilish uchun telefon raqami orqali aniqlagan. Joriy yil 18 aprel kuni ertalab u salonga borgan. Sultoniy otasini ko‘rib qolib, onasiga qo‘ng‘iroq qilishga ulguradi.
Ayollar huquqlarini himoya qiluvchi faol Pardis Robiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida voqea guvohlarining so‘zlarini keltirgan. Ular erkakning salon ichiga kirib, qizini mijozlar va xodimlar ko‘z o‘ngida bir necha marta pichoqlagani, so‘ng uning boshini kesmoqchi bo‘lgani, ammo atrofdagilar baqirgach, qochib ketganini aytgan. Shundan so‘ng u xotiniga qo‘ng‘iroq qilib, “Men seni bu g‘am bilan qoldiraman”, degan.
Boshqa bir muxolif nashr – HRANA ma’lumotiga ko‘ra, erkak qo‘lga olingan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“IranWire”ning “Etemad” gazetasiga tayanib yozishicha, 2023 yil martdan sentyabrigacha bo‘lgan davrda Eronning o‘zida qarindoshlar yoki oila a’zolari tomonidan 78 ayol o‘ldirilgan. “Shargh” gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yildan 2023 yilgacha kamida 165 ayol o‘z oilasi ichida erkaklar tomonidan o‘ldirilgan.