24 aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalari o‘rtasida chegara masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda ikki davlat o‘rtasidagi oxirgi tartibga solinmagan chegara uchastkasini belgilash va “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish shartlari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Hukumati va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi o‘rtasidagi “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi Bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi.
Tomonlar “Chashma” bulog‘i O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining umumiy boyligi ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va to‘siqsiz foydalanishi, o‘zbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini ta’minlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi.
Tomonlar O‘zbekiston Hukumati va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida qisqa muddat ichida “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida bitim hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Davlat chegarasi uchastkasi to‘g‘risida shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldi.