Qurolli to‘qnashuvlar paytida bedarak yo‘qolganlar soni tez sur’atlar bilan ortib bormoqda. Birgina 2024 yilda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi 56 mingta yangi holatni qayd etgan.
Bu haqda BMT Bosh kotibi yordamchisi Xolid Xiari payshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Siyosiy masalalar departamenti nomidan ma’lum qildi.
U o‘z nutqida Xavfsizlik Kengashining 2019 yilda qabul qilingan bedarak yo‘qolganlar va ularning oilalari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 2474-sonli rezolyutsiyasini zudlik bilan va to‘liq amalga oshirishga chaqirdi.
"Mojarolarda bedarak yo‘qolganlar soni bo‘yicha to‘liq statistika mavjud emas, - dedi Xiari, - ammo biz vaziyat keskinligini tushunish uchun yetarlicha ma’lumotga egamiz."
U yaqinda G‘azoda AQSH va Isroil fuqarosi Eden Aleksandrning ozod etilganini olqishlab, buni "umid nuri" deb atagan.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda 58 nafar isroillik asir bor. Shu bilan birga, minglab falastinliklar, jumladan, bolalar bedarak yo‘qolgan, ko‘plari vayronalar ostida qolmoqda, ularning oilalari esa ularning taqdiri haqida ma’lumotga ega emas.
"Isroil halok bo‘lgan falastinliklarning jasadlarini, jumladan, noma’lum qabrlarga ko‘milganlarini ushlab turishda davom etmoqda, bu esa oilalarni o‘z yaqinlarini dafn etish imkoniyatidan mahrum qilmoqda. Bundan tashqari, 2023 yil oktyabr oyidan beri hibsga olingan ko‘plab falastinliklarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda," - deya qo‘shimcha qildi u.