Dunyoning eng xavfli va faol vulqonlaridan biri hisoblangan Kilauea yana uyg‘ondi. AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, Gavayi orollarining Katta orolida joylashgan ushbu vulqon kuchli otilishlar bilan faoliyat ko‘rsatmoqda, deya yozmoqda "Zamon.uz".
Mutaxassislar balandligi 50 metrdan 100 metrgacha yetadigan lava favvoralarini qayd etgan. Qolaversa, otilishlarning davomiyligida ham sezilarli o‘zgarish kuzatilmoqda. 2024 yil dekabrida otilishlar atigi 13 soat davom etgan bo‘lsa, hozirda ular sakkiz kungacha to‘xtovsiz davom etmoqda.
Kilauea vulqoni 1250 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, u uzoq yillardan beri geologlar e’tiborida. So‘nggi faollik esa xavfsizlik choralarini kuchaytirishni taqozo qilmoqda.