Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun 2 milliard 44 million so‘m ajratiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining kecha, 20 may kuni qabul qilingan “Mablag‘ ajratish” to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, ushbu mablag‘lar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun tasdiqlangan manzilli ro‘yxatga asosan Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tuman Obodonlashtirish boshqarmalariga ajratiladi.
Uning 1 milliard 456 million so‘mi piyodalar bo‘yicha yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida ko‘cha va yo‘llar bo‘ylab temir panjara o‘rnatish uchun, 588 million so‘mi esa voyaga yetmaganlar o‘rtasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida qavariq piyodalar o‘tish joylarini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Yo‘llar bo‘ylab jami 5600 metrlik panjaralar o‘rnatiladi.
Poytaxtning 42 ta joyida qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil qilinadi. Jumladan, Olmazor tumanida 6 ta, Shayxontohur, Yunusobod, Sergeli, Mirobod tumanlarida 5 tadan, Bektemir tumanida 4 ta, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida 3 tadan, Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy va Yangihayot tumanlarida esa 2 tadan qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil etiladi.
Ajratilgan mablag‘larning sarflanishi hamda bajarilgan ish hajmi bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va Toshkent shahar hokimligiga hisobot berib boriladi.