Ukrainalik sobiq siyosatchi Andrey Portnov 21-may kuni ertalab soat 09:15 da, farzandlarini maktabga olib kelganidan so‘ng o‘zining “Mercedes” mashinasiga o‘tirishga chog‘langan paytda otib o‘ldirildi.
Guvohlarning aytishicha, ikki nafar shaxs mototsiklda kelib, Portnovga besh marotaba o‘q uzgan. Uch o‘q uning orqasiga, biri bo‘yniga, yana biri esa boshiga teggan.
Hodisa poytaxt Madriddagi eng nufuzli va qimmat maktablardan biri — Amerika kolleji oldida ro‘y berdi. Bu maktabda o‘qish narxi yiliga 23 ming yevrodan oshadi.
Ispan politsiyasi voqeani siyosiy suiqasd yoki jinoyat olami bilan bog‘liq qarzdorlik bilan izohlash ehtimolini o‘rganmoqda. Portnovning mafiyaviy guruhlar bilan aloqasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar mavjud.
Portnov kim edi?
1973-yilda Luganskda tug‘ilgan Andrey Portnov — huquqshunos. U 2006-yilda Yuliya Timoshenko bloki orqali Ukraina parlamentiga saylangan. Keyinchalik Viktor Yanukovich jamoasiga o‘tib, prezident ma’muriyatida rahbar o‘rinbosari lavozimini egallagan.
2014-yilda Ukrainani tark etib, Moskvada va Venada yashagan. Unga qarshi davlat mulkini talon-toroj qilish bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. 2019-yilda Ukrainaga qaytib, sobiq prezident Petro Poroshenkoga qarshi qator arizalar topshirgan. 2022-yil Rossiyaning bosqinidan keyin yana G‘arbga ko‘chib ketgan.