AsosiyDunyo

Germaniya tank brigadasini Litvaga joylashtirdi

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning ta’kidlashicha, Germaniya NATO hududining har bir santimetrini himoya qilishga tayyor.

'Germaniya tank brigadasini Litvaga joylashtirdi'ning rasmi

Ilk bor Germaniya qurolli kuchlari – Bundesver doimiy tarzda xorijda joylashmoqda. 2024-yil 1-apreldan Litvada 45-tank brigadasi rasmiy ravishda xizmat boshladi. Bu — Germaniyaning NATOning sharqiy flangini mustahkamlash yo‘lidagi eng yirik harbiy tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Bu haqda “DW” xabar bermoqda.

Brigada Litvada doimiy asosda qoladi — bu Bundesver tarixida birinchi holat. Harbiylar safarbarligi Litva hukumati iltimosiga binoan amalga oshirilmoqda. Mamlakat Rossiya eksklavi — Kaliningrad viloyati va RF ittifoqchisi Belarus orasida joylashgan bo‘lib, NATO uchun strategik ahamiyatga ega.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning ta’kidlashicha, Germaniya NATO hududining har bir santimetrini himoya qilishga tayyor. Bunga javoban, Litva ham o‘z mudofaa budjetini oshirdi. Germaniyada esa yangi kansler Fridrix Merts boshchiligidagi hukumat harbiy xarajatlarni keskin oshirishga tayyorligini bildirgan.

Brigadaning to‘liq safarbar qilinishi 2027-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Loyihaning moliyaviy va logistik jihatdan ham Germaniya, ham Litva uchun murakkabligi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, 4800 nafar harbiy va 200 nafar fuqarolik xodimining Litvada bir necha yil xizmat qilishga ko‘niktirilishi oson kechmasligi mumkin. Shu sababli, Bundesverda xizmatni jozibadorroq qilish maqsadida, xorijda xizmat qilayotgan harbiylarga to‘lanadigan maosh miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

    Boshqa yangiliklar