Toshkent shahri Uchtepa tumanida fuqaro avtobus kelib urilgan bekat ostida qoldi. Bu haqda Millar dasturi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 27 yoshli yigit tumanning Qurilish shaharchasi qarshisidagi O‘rikzor markazi bekatida 20 may kuni soat 22:00 atrofida avtobus kutayotgan bo‘lgan. Lavhada avtobus kelib urilishi oqibatida uning ustiga bekat temirlari tushib ketgani aytiladi.
"Avtobus kutib o‘tirgandim. Haydovchi uxlab qolib, bekatni buzib o‘tib ketdi. Xudo bir asradi. Faqat bosh yorildi. To‘g‘risi, kim yordam ko‘rsatgani esimda yo‘q. Bekat tagidan emaklab chiqib oldim. Bolalar keldi, qonlarni artishdi, suv berishdi, chekkaga o‘tqazib qo‘yishdi va tez tibbiy yordam chaqirishdi", — deydi jabrlanuvchi.
"Toshshahartransxizmat" kompaniyasining xabar berishicha, 69-sonli Yutong avtobusi haydovchisi to‘xtash vaqtida chalg‘ishi va o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan va bekatga borib urilgan. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan.
Hozirda YTH yuzasidan kompaniyaning Harakat xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi belgilanib, dastlabki surishtiruv va tekshiruv ishlari olib borilmoqda.