“Ozodlik flotiliyasi” tarkibiga kiruvchi ushbu kemada o‘n nafar atrofida ko‘ngillilar, jumladan, mashhur ekologik faollardan biri Greta Tunberg hamda Yevroparlament deputati Rima Hassan ham bor.
“Italiya jamiyati bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyat haqida ovozimizni yanada balandroq eshittirishga harakat qilyapmiz”, — deydi AFP agentligiga italiyalik siyosatchi Marko Grimaldi.
“Madlin” kemasida meva sharbatlari, sut, guruch, konserva mahsulotlari hamda oqsilga boy batonchiklar G‘azoga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Ozodlik flotiliyasi” nohukumat tashkiloti 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
2 may kuni flotiliyaning yana bir kemasi G‘azoga yo‘l olish arafasida, Malta sohillari yaqinida dronlar hujumiga uchradi. Hujum oqibatida kemaning burun qismida yong‘in chiqqan, biroq u tezda o‘chirilgan.
Tashkilotchilar bu hujumda Isroilni ayblagan, biroq Isroil rasmiylari ushbu hodisa yuzasidan hech qanday izoh bermagan.