Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan Koʻyliq dehqon bozori hududidagi oshxonalardan birida yongʻin sodir boʻldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, bugun, 17 iyun kuni soat 10:18 da Bektemir tumani Xonabodtepa koʻchasida joylashgan Koʻyliq dehqon bozori hududidagi oshxonada yongʻin yuz berayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan soʻng qutqaruv boʻlinmalari soat 10:27 da voqea joyiga yetib borgan va yongʻin soat 10:36 da toʻliq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, yongʻin oqibatida oshxonaning tom qismi yonib zararlangan.
Hodisa tufayli jabrlanganlar va tan jarohati olganlar yoʻq.
Ayni vaqtda yongʻinning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






