AsosiyJamiyat

Prezident Azim Latipov vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi

Avvalroq, O‘zbekiston Qahramoni Azim Latipov vafot etgani haqida xabar bergan edik.

'Prezident Azim Latipov vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi'ning rasmi

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi og‘ir judolikka uchradi. Taniqli fermer, “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xo‘jaligining raisi, jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Azim Shukurovich Latipov shu yil 6 iyunda 74 yoshida vafot etdi.

A.Latipov 1951 yil 5 iyunda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni, keyinchalik Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash texnikumini tugatgach, mehnat faoliyatini Shofirkon tumanidagi “Buxoro” jamoa xo‘jaligida mexanik sifatida boshladi va ko‘p yillar davomida mazkur xo‘jalikda brigada boshlig‘i lavozimida samarali ish olib bordi. 

O‘zining butun ongli hayoti va mehnat faoliyatini mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan mehnatkash inson 1996 yildan boshlab “Buxoro” jamoa xo‘jaligi raisi sifatida ish yuritib, o‘zining boy bilim va tajribasi, tashkilotchilik va jonkuyarlik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘lib, murakkab iqlim sharoitida g‘alla hosildorligini ikki barobar oshirishga erishdi. 

Yurtimizda fermerlik harakatini shakllantirishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan A.Latipov 2007 yilda “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xo‘jaligini tashkil etdi va umrining oxiriga qadar uni muvaffaqiyatli boshqarib, tom ma’noda ilg‘or va zamonaviy, ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirdi. Zahmatkash fermerning sa’y-harakatlari, ezgu tashabbuslari bilan bu yerda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilib, xo‘jalik chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik va polizchilik yo‘nalishlarida ham samarali faoliyat yuritmoqda. Hududda kam ta’minlangan oilalarning uylari ta’mirlanib, ularga g‘alla va oziq-ovqat mahsulotlari homiylik asosida yetkazib berilmoqda.

Azim Latipov haqiqiy xalq oqsoqoli sifatida doimo el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashadi. U uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi, Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati sifatida milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga, hududda keng ko‘lamli obodonchilik ishlarini olib borishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga katta hissa qo‘shdi.

A.Latipovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Shuhrat” medali hamda Vatanimizning oliy nishoni – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli fermer, taniqli jamoat arbobi, kamtarin va olijanob inson Azim Latipovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, I.Abdurahmonov, B.Zaripov

    Boshqa yangiliklar