Buxoro viloyatining uch tumanida qariyb 500 million so‘mlik gaz talon toroj qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, G‘ijduvon tumanining Sharq mahallasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor G‘.A. ga qarashli novvoyxonada hisoblagichdan tashqari yashirin tarmoq tortilib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.
Holat “E-ma’muriy” dasturi orqali hisob-kitob qilinganida gaz ta’minoti korxonasiga 52 million 353 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Tumanning Pamo‘za mahallasida yashovchi fuqaro N.Sh. ham xuddi shunday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yib, 51 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Shuningdek, Buxoro shahridagi “Sadriddin Ayniy” MFYda joylashgan “D. S. T. S.” MCHJga qarashli korxonada tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilganda, binodagi gaz jihozlarining sarfi elektron gaz hisoblash uskunasining (EGHU) maksimal quvvatidan oshiqcha ekani aniqlandi. Holat bo‘yicha 398 million 679 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga topshirilgan.